O‘zbekistonda Respublikasida so‘nggi yillarda raqamli iqtisodiyot va sunʼiy intellektni rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish, elektron hukumat tizimini kengaytirish, axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini integratsiya qilish ishlari jadallashmoqda.
Sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha ham Davlatimiz Rahbarining qator Farmon va qarorlari qabul qilinib, taʼlim, sog‘liqni saqlash, transport, qishloq xo‘jaligi va xavfsizlik kabi sohalarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. IT-parklar, texnoparklar va startap ekotizimni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kengayib, yoshlar orasida IT va sunʼiy intellekt kasblariga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda.
Umuman olganda, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyot va sunʼiy intellekt yo‘nalishlarida global tendentsiyalarga mos ravishda yangi texnologiyalarni joriy etish va iqtisodiy samaradorlikni oshirishga qaratilgan ustuvor siyosat olib borilmoqda.
O‘z navbatida, raqamli texnologiyalar iqtisodiy o‘sishga qanday taʼsir qilayotganini aniq baholash va buning natijasida raqamlashtirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlaydigan samarali mexanizmlarni joriy etish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir.
Mamlakatimizda Raqamli iqtisodiyot va sunʼiy intellekt sohalarini rivojlantirish uchun ilg‘or xorijiy tajriba o‘rganilib, xorijiy ekspert va konsultantlar bilan qator tadqiqotlar olib borilmoqda.
Jumladan, o‘tgan yili raqamli iqtisodiyot yo‘nalishida tadqiqotlarni o‘tkazish bo‘yicha katta tajribaga ega Xitoy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari akademiyasi (CAICT) bilan hamkorlik o‘rnatildi.
CAICT tomonidan mamlakatimizning masʼul davlat idoralari bilan o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida “O‘zbekiston Respublikasi raqamli iqtisodiyotini 2030 yilgacha rivojlantirish rejasi” hisoboti ishlab chiqildi va uning natijalari 2024 yilda Xitoyning Shanxay shahrida bo‘lib o‘tgan “Hisoblash texnikasi standartlari va ilovalari bo‘yicha xalqaro simpozium”da (ISCT24) rasman eʼlon qilindi.
Hisobotda O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotining rivojlanish jarayoni raqamli infratuzilma, raqamlashtirish sohalari, sohalarni raqamlashtirish, raqamli boshqaruv va raqamli isteʼdodlar kabi beshta asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha chuqur tahlil qilingan.
Mazkur hisobotga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining raqamli iqtisodiyoti 2021 yildan 2023 yilgacha yillik 26,5 foizga oʼsgan va 2023 yilda raqamli iqtisodiyotning mamlakatimizning yalpi ichki mahsulotidagi ulushi deyarli 9 foizni tashkil etgan.
Kelgusida ham xorijiy hamkorlar bilan mazkur yo‘nalishda tadqiqotlarini tizimli ravishda davom ettirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.